Aholi manfaatlariga xizmat qiladigan choralar hayotga tatbiq etilishi senatorlar nazoratida bo‘ladi

Senat yalpi majlisi davom etmoqda. Majlisda Senat Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz boshchiligida jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida muhim o‘zgarish va yangilanishlar kechayotganini qayd etdi.
– Aholi uchun eng yaqin ijtimoiy sohalar, ya’ni ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalariga davlat rahbari darajasida doimiy e’tibor qaratib kelinayotgani – ijtimoiy davlat tamoyilini hayotga tatbiq etishda muhim omil bo‘lmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Mazkur sohalarni bugungi kun talablari asosida rivojlantirish, dolzarb muammolarga tizimli asosda yechim topish masalalari bo‘yicha shu oyning o‘zida Prezidentimiz huzurida alohida yig‘ilishlar o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi dolzarb muammolarga e’tibor qaratilib, bu borada mahallalardagi birlamchi bo‘g‘inni isloh qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Endilikda aholi oilaviy shifokorni erkin tanlashi, bunda xususiy shifokorlar ham jalb etilishi, tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanishi va uning doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq byudjetdan qoplanishi – mahallalarda tibbiy xizmat sifatini yangi, zamonaviy bosqichga olib chiqish bilan ahamiyatli.
Birlamchi bo‘g‘inda barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlashi, ayollar va bolalar shifokorlari soni ko‘paytirilishi, soha vakillarining maoshlari va moddiy rag‘bati sezilarli darajada oshirilishi – tizimda mas’uliyat va intizomning kuchayishiga xizmat qiladi.
Ayniqsa, bolalar saratoniga qarshi kurashish choralari keskin oshirilishi, bu borada besh yillik dastur ishlab chiqilib, 110 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi – bolalar salomatligi masalasi Prezidentning doimiy e’tiborida ekanini amalda yana bir namoyon etdi.
Nogironlikni belgilashda shifokorlik-maslahat komissiyalarining tugatilishi sohada korrupsiya omillarini bartaraf etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi, shubhasiz.
-Sir emas, bugungi kunda tibbiyotdagi eng og‘ir masalalardan biri – bu dori darmon masalasi. Prezidentimiz yurtimizda samaradorligi isbotlanmagan dorilar kirib kelayotgani (import qilinayotgan dorilarning 42 foizi), biroq, shifokorlar ularni tavsiya etayotgani sababli aholi iste’mol qilib kelayotganiga alohida e’tibor qaratdi. “Samarasiz yoki samarasi o‘rganilmagan”, deb topilgan vositalarni davolash jarayonlaridan chiqarib tashlash, tibbiyot muassasalari, birinchi navbatda, bolalar shifoxonalarida antibiotiklarni asosli qo‘llash bo‘yicha taftish o‘tkazish bo‘yicha qat’iy vazifa qo‘ydilar. Shifokor kadrlar tayyorlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini baholash bo‘yicha ham shaffof va institutsional yondashuv joriy etilishi yaqin va o‘rta istiqbolda sohani professional kadrlar bilan ta’minlashga zamin yaratadi, – dedi Senat Raisi.
Aholi manfaatlariga xizmat qiladigan, xalqimiz kutgan bu kabi chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilishi senatorlarning doimiy e’tibori va nazoratida bo‘ladi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA