Senat: hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatishga doir umumiy talablar belgilanmoqda
Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, sohaga ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Biroq, hozirgi vaqtda hayvonlarni identifikatsiya qilish ishlari to‘laqonli amalga oshirilmayotgani ularda xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash tadbirlarini o‘tkazish va epizootik barqarorlikni kafolatli saqlash imkoniyatini cheklamoqda. Identifikatsiya jarayonlari raqamlashtirilmagani, ma’lumotlar bazasi markazlashtirilmagani natijasida hayvonlarning aniq hisobini yuritishdagi muammolar ham saqlanib qolmoqda.

Senat yalpi majlisida “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida mazkur jihatlar qayd etildi.
Ana shu muammolarga barham berish maqsadida ishlab chiqilgan qonunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish sohasidagi vakolatli organ etib belgilanmoqda.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdukarimovaning qayd etishicha, qonunda vakolatli davlat organi vakilining hamda hayvon egasining huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda. Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatishga doir umumiy talablar hamda muddatlar belgilanmoqda.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish, kuzatish va hisobdan chiqarish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish, elektron axborot tizimini muvofiqlashtirish va real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvini ta’minlash Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazining vakolati etib belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun bilan hayvonlarning hisobi, ularning nasli va sog‘lig‘i to‘g‘risidagi yagona elektron bazasi shakllanadi. Hayvonlarning saqlanishi va harakatlari (migratsiyasi) tartibga solinadi hamda doimiy monitoring qilish tizimi yaratiladi. Hayvonlarning xavfli yuqumli kasalliklarga to‘liq profilaktik emlanishiga erishiladi. Natijada hayvonlarning turli yuqumli kasalliklarga chalinishi va nobud bo‘lishining oldi olinadi. Respublikada epizootik va epidemik barqarorlik ta’minlanadi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA