Spiker: tashriflarda erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashda ta’sirchan nazorat o‘rnatishimiz kerak

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis kun tartibidan bir qator qonun loyihalari muhokamasi o‘rin olgan.
Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida sodir bo‘lgan muhim voqealarga to‘xtalib o‘tdi.
— 19-22 may kunlari mamlakatimiz Prezidenti Vengriya va Sloveniya davlatlariga rasmiy tashrif bilan bo‘lib qaytdi. Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Ushbu hujjat nafaqat mavjud hamkorlikni mustahkamlaydi, balki uni izchil va tizimli ravishda kengaytirishga huquqiy, siyosiy va institutsional asos bo‘lib xizmat qiladi.

Yevropa mintaqasi bilan aloqalarni chuqurlashtirishda Sloveniya alohida o‘rin tutadi. Mamlakatimiz rahbarining Sloveniyaga rasmiy tashrifi nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, balki Yevropa bilan aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif ikki tomon uchun ham manfaatli muloqotlarga boy tarzda va har tomonlama samarali kechdi, deyishimiz mumkin. Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar hamkorlikning barcha soha va yo‘nalishlarini qamrab olgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Rasmiy tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasida Qo‘shma bayonot qabul qilinib, bir qator muhim sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan bitimlar imzolandi.
Oliy darajadagi muloqotlarda asosiy e’tibor iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka qaratildi. Bu mamlakatimiz uchun yangi bozorlarga, texnologik hamkorlikka va ishbilarmonlik aloqalariga keng yo‘l ochilayotganini anglatadi.
Shuningdek, har ikkala davlatga tashriflar chog‘ida parlamentlararo aloqalar masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgani biz parlament vakillari uchun ahamiyatli bo‘ldi. Barcha yo‘nalishdagi aloqalarni mustahkamlashda parlamentlarning o‘rni muhim, huquqiy asoslarni yaratish lozim bo‘ladi. Shuning uchun tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashda normativ-huquqiy asoslarni mustahkamlash hamda ta’sirchan nazorat o‘rnatishimiz kerak bo‘ladi, — dedi Spiker.
Muhtarama Komilova,
O‘zA