O‘zbekiston-Rossiya: moliyaviy ochiqlikni ta’minlash borasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik dasturi doirasida “O‘zbekiston Respublikasida byudjet jarayoni va byudjet ma’lumotlarining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish” mavzusida onlayn formatda seminar tashkil etildi.
Tadbirda har ikki mamlakatning moliya sohasidagi mas’ul xodimlari, mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, byudjet jarayoni va byudjet ma’lumotlari ochiqligini ta’minlash davlat moliyaviy boshqaruvining shaffofligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali jamoatchilik, mustaqil kuzatuvchilar va fuqarolar davlat mablag‘larining qanday shakllantirilishi, taqsimlanishi va sarflanishini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ochiq byudjet ma’lumotlari jamiyatda ishonchni mustahkamlaydi, mas’uliyatli boshqaruvni rag‘batlantiradi va davlat xarajatlarining samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Seminar doirasida ekspert Antonina Kovalevskaya “O‘zbekiston Respublikasida byudjet ma’lumotlarining ochiqligini oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Uning ta’kidlashicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan byudjet ma’lumotlari ochiqligini baholash indeksini joriy etish bo‘yicha aniq qadamlar tashlanmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqilayotgan modellarni mahalliy shart-sharoitlarga moslashtirish, ularni amaliyotga joriy etish va bu jarayonda mutaxassislar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, tadbirda seminarning keyingi bosqichlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan vazifalar muhokama qilindi.
Ekspert Yana Polyakova “Submilliy darajada byudjet va byudjet jarayonining ochiqligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida byudjet siyosatining asosiy maqsadi mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u byudjet prognozi tuzishdagi yondashuvlar, fiskal xatarlarni stress-testdan o‘tkazish hamda soliq imtiyozlari xarajatlarini boshqarish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Seminar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-2026 yillarda Xalqaro byudjet ochiqligi tashabbusiga a’zo sifatida qo‘shilishi masalasi yuzasidan fikr almashildi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA