Byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar kuchaytiriladi

289

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Byudjet tashkilotlari xarajatlarini moliyalashtirish va byudjetdan tashqari jamg‘armalarni shakllantirish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning “tejamkorlik va barqarorlikni ta’minlash” tamoyili asosida byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar yanada kuchaytiriladi.

Qarorda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lardan maqsadli foydalanish, byudjetdan ajratiladigan mablag‘larning xarajatlar guruhlari va moddalari bo‘yicha tasdiqlangan me’yorlar doirasida xarajatlarni amalga oshirish, smeta-shtat intizomi va xarajatlarni mablag‘ bilan ta’minlashning ketma-ketligi hamda ularni to‘lash muddatlariga qat’iy rioya qilish;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanishi ustidan tizimli monitoring yuritish hamda samarasiz foydalanilgan mablag‘lar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadiga olib qo‘yilishini ta’minlash;

byudjet tashkilotlarining qo‘shimcha daromadlar olish bo‘yicha faoliyati byudjet mablag‘lari hisobidan bajarilayotgan ishlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmiga (sifatiga) zarar yetkazishiga yo‘l qo‘ymaslik belgilab berilgan.

Mazkur qaror bilan:

a) Byudjet tashkilotlarining xarajatlarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom:

byudjet mablag‘laridan “tejamkorlik va barqarorlikni ta’minlash” tamoyili asosida samarali va maqsadli foydalanish;

byudjet va smeta-shtat intizomini mustahkamlash, shu jumladan, byudjet tashkilotlarining moliyaviy mustaqilligi va mas’uliyatini oshirish;

Davlat byudjetidan mablag‘ oluvchilarning mablag‘larni sarflashlari ustidan dastlabki va joriy nazoratni amalga oshirish;

b) Vazirliklar, qo‘mitalar va idoralarning byudjetdan tashkari jamtarmalariga yunaltiriladigan davlat bojlari, yig‘imlar va soliq bo‘lmagan to‘lovlardan, ma’muriy va moliyaviy jazolardan ajratmalar miqdorlari:

davlat bojlari, yig‘imlar va soliq bo‘lmagan to‘lovlardan, ma’muriy va moliyaviy jazolardan ajratmalarning turlarini tizimlashtirish;

vazirliklar, qo‘mitalar va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalariga yo‘naltiriladigan ajratmalarning miqdorlarini belgilash tasdiqlandi.

O‘zA