O‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati ma’lum muddatga to‘xtatiladi

224

O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi mavjud bo‘lib, ota-onadan biri yilning istalgan payti farzandi o‘qib turgan maktab direktori nomiga bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish sababini ko‘rsatgan holda ariza yozadi va ushbu arizani maktab direktori bir ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 1 iyundagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglament asosida amalga oshirilayotgan o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati joriy yilning 26 mayidan 31 iyuliga qadar to‘xtatiladi.

Mazkur vaqt oralig‘ida elektron platforma (erp.maktab.uz) orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga hamda o‘quvchilarni sinfdan-sinfga o‘tkazish jarayoni amalga oshiriladi.

O‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati 2025 yil 1 avgustdan davom ettiriladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA