
Nukusda Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonning namunali oilasi” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash hamda shahar va tumanlardagi namunali oilalarga “Ibratli oila” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 sentyabrdagi rezolyutsiyasi bilan bu sana har yili dunyo mamlakatlarida xalqaro bayram sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Albatta, bundan asosiy maqsad davlat va jamoatchilik e’tiborini oilaviy qadriyatlarga va oila instituti bilan bog‘liq muammolarga qaratishdir.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasining tasdiqlanishi mamlakatimizda bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga ko‘targanini alohida ta’kidlash mumkin. Darhaqiqat, mahallalarda barkamol avlodni tarbiyalash va kambag‘allikka qarshi kurashishda ibratli oilalar ko‘makchi bo‘lib kelayotgani har qancha tahsinga sazovordir. Bunday oilalar qancha ko‘paysa, Vatanimiz shuncha kuchli, xalqimiz shuncha qudratli bo‘ladi. Ibratli oila – ibratli va adolatli jamiyat uchun asos bo‘ladi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 511 mingdan ortiq oila yashaydi. Har yili o‘rtacha 12-13 ming atrofida yangi oila quriladi.
So‘nggi yillarda hayotimizga oilaviy korxona, oilaviy tadbirkorlik, oilaviy kredit kabi atamalar kirib keldi. Iqtisodiyotimizni barqarorlashtirishda oilaviy tadbirkorlikni, oilaviy biznesni yo‘lga qo‘yishga va shu orqali oila farovonligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki oilalar boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi.

Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni ta’sis etilib, har yili uni Xalqaro oila kunida o‘z egalariga tantanali ravishda topshirish belgilangan edi. 2024 yilda Qoraqalpog‘istonda 17 oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bo‘lsa, joriy yilda qariyb 10 barobarga ko‘payib, 168 oila ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shunday oilalardan biri Bekniyazovlar xonadoni hisoblanadi. Oila boshlig‘i Bahrom Bekniyazov Ichki ishlar vazirligida jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Oila bekasi Mohira Mamutova “Cake Bumer” brendi va oilaviy korxonasi asoschisi. 4 nafar farzandi bor. Bugungi kunda 100 dan ortiq ish o‘rni yaratib, shuncha oilani daromadli ishga joylagan. Ishchilarining 80 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ahamiyatlisi, 30 dan ortiq xotin-qizni migratsiyadan oilasi bag‘riga qaytarib, daromadli ish bilan ta’minlagan. 10 nafar yoshning nikoh to‘ylarini o‘tkazishga ko‘maklashgan. Hozir Nukus shahar deputati bo‘lib, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam berib, yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashmoqda. Ushbu xonadonga ham “Ibratli oila” ko‘krak nishoni topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida joriy yilda oilalarni mustahkamlash, ajrimlarning sabablarini o‘rganish, shu asosda takliflar ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish maqsadida olimlar va amaliyotchilardan iborat ilmiy-jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Oila” nodavlat notijorat markazi, 17 ta shahar va tumanlarda “Oila va xotin-qizlar markazlari” faoliyat yuritmoqda. Barcha mahallalarda mahalla raisi boshchiligida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari tuzilgan.
Ota-bobolarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan yuksak insoniy fazilat va qadriyatlarni yoshlarimiz ongiga yanada chuqurroq singdirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kundagi ustuvor vazifalarimizdan sanaladi. Albatta, bunday ezgu ishlarni amalga oshirishda har birimiz bir oilaning a’zosi sifatida o‘z faolligimizni ko‘rsatolsak, nur ustiga nur bo‘lardi.

Tadbir yakunida tanlov g‘oliblariga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni hamda tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. San’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.
Davud Abibullayev, O‘zA muxbiri