
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi bilan hamkorlikda yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash ishlarini samarali tashkil etish maqsadida harbiy-vatanparvarlik spartakiadasi doirasida “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” shiori ostida umumta’lim maktablari va kasb-hunar ta’lim muassasalari yoshlari o‘rtasida “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.
Musobaqada To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo, Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Qorao‘zak, Chimboy, Kegeyli tumanlari va Nukus shahridan 17-22 yosh oralig‘idagi 10 ta jamoadan jami 100 nafar yosh ishtirok etdi. Nizom shartlariga ko‘ra, musobaqa uchta blokdan iborat bo‘lib, jamoalar birinchi “Harbiy vatanparvarlik” blogida “O‘zbekiston tarixi bilimdoni” viktorinasi, “Biz bir jamoamiz!” ko‘rik-tanlovi, “Saf qo‘shig‘i” tanlovi shartlari, ikkinchi “Harbiy-amaliy ko‘pkurash” blogida “Pnevmatik quroldan o‘q otish”, “O‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish”, “Harbiylashtirilgan estafeta” shartlari va uchinchi “Sport” blogida duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish shartlari asosida kuch sinashdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan harbiy-sport musobaqasida birinchi o‘rinni Qo‘ng‘irot tumani o‘quv sport- texnika klubi jamoasi qo‘lga kiritdi va jamoa O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining ko‘chma kubogi uchun kechadigan bellashuvda qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

Ikkinchi o‘rin Kegeyli tumani o‘quv sport- texnika klubi jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Qorauzak tumani o‘quv sport -texnika klubi jamoasiga nasib etdi. Bundan tashqari, nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. “Eng mohir mergan” nominatsiyasiga Xo‘jayli tumani o‘quv sport -texnika klubi ishtirokchisi Asadbek Sultamuratov, “Eng yaxshi sportchi” nominatsiyasi To‘rtko‘l tumani o‘quv sport -texnika klubi ishtirokchisi Zinura Nuratdanova, “Eng yaxshi bilimdon” nominatsiyasiga Ellikqal’a tumani o‘quv sport- texnika klubi ishtirokchisi Sardor Genjeyev sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash joizki, hozir respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari “Vatanparvar” tashkilotining “Vatan taraqqiyotiga xizmat qilish va sodiq bo‘lish” konseptual harbiy-vatanparvarlik g‘oyasi ostida yoshlarni birlashtirishga yaxshi zamin yaratdi. Bu esa tashkilot tomonidan tayyorlanayotgan vatanparvar yoshlar Yangi O‘zbekistonning mudofaa qudratini mustahkamlashda hamda ravnaq topishida salmoqli hissa qo‘shishini anglatadi.

Shu kuni “Vatanparvar” – mening tanlovim!” shiori ostida “Vatanparvar” tashkiloti faoliyati, uning rivojlanish yo‘nalishlari, yurtimiz ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni hamda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi amaliy ishlarni shahar va tumanlar aholisiga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, tashkilot faoliyati to‘g‘risida yoshlar ongida tasavvur shakllantirish va uning safiga kirish ishtiyoqini uyg‘otish yuzasidan tashkilotning zamonaviy yengil va yuk o‘quv avtomobillari va sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha sport texnikalari (karting, mototsikllar, sport avtomobili), shuningdek, raketamodel va kord aviamodellarining ko‘rgazmali namoyishi o‘tkazildi.
Darhaqiqat “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan yoshlarni Vatanga sadoqat va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarining yana bir yorqin isbotidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri