Kunjut bo‘yicha yangi loyiha
Barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rag‘batlantirish, Orolbo‘yi ekotizimini mustahkamlash va mintaqaning eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi Germaniyaning GIZ xalqaro hamkorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining ko‘magida “Qoraqalpog‘iston sharoitida kunjut navlari seleksiyasi va birlamchi urug‘chiligini tashkil etish” keng ko‘lamli loyihasini amalga oshirishga kirishdi.
Loyihaning asosiy maqsadi mexanizatsiyalashgan ishlab chiqarish talablari va xalqaro bozorlar talablarini hisobga olgan holda hududning agroiqlim sharoitlariga mos keladigan kunjutning yuqori mahsuldor navlarini seleksiya qilishdan iborat. Kunjut tarkibida 68 foizgacha yog‘ bo‘lgan qimmatbaho moyli ekin bo‘lib, unga oziq-ovqat sanoatida ham, kosmetologiyada ham talab yuqori. 1 gektardan 30-35 million so‘mgacha daromad olinadi.
Mazkur loyiha doirasida dunyoning 30 dan ortiq davlatidan Qoraqalpog‘istonga kunjutning 18 ta namunasi olib kelindi. Ular asosida yangi, chidamli va serhosil navlarni yaratish bo‘yicha seleksiya ishlari olib borilmoqda.
Mexanizatsiya yordamida yig‘ishtirib olishga yaroqli navlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda ko‘saklarning yorilishiga chidamli va bir tekis pishadigan liniyalar tanlab olindi.
Loyiha ham agrar, ham iqtisodiy jihatlarni qamrab olishi bilan ahamiyatlidir. Xalqaro bozorlarda talab yuqori bo‘lgan kunjut yetishtirish hajmini oshirish mintaqaning eksport salohiyatini kengaytirish, investitsiyalar va valyuta tushumlarini jalb qilish uchun sharoit yaratadi.
Alohida yo‘nalishda Qoraqalpog‘istondagi fermer xo‘jaliklari o‘rtasida muvaffaqiyatli tajriba va texnologiyalarni ommalashtirish ko‘zda tutilgan. Bu iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullev, O‘zA muxbiri