“Suv parisi” I Markaziy Osiyo ochiq chempionati qizg‘in pallaga kirdi

172

Poytaxtimizda joylashgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli “Suv sporti saroyi”da sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi” I Markaziy Osiyo ochiq chempionatining ilk kungi bellashuvlari davom etmoqda.

Ayni damda o‘tayotgan nufuzli musobaqaning U12, U15 va kattalar yosh toifasida O‘zbekiston, Rossiya, Bolgariya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus Respublikasi va Qozog‘iston davlatlaridan kelgan “Suv pari”lari texnik solo, texnik guruh va kombo yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashmoqda.

– Yuqori saviyada tashkil etilgan “Suv parisi” I Markaziy Osiyo ochiq chempionatiga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rdik, – deydi belaruslik Anastasiya Sakalova. – Chempionatning dastlabki bahslari qizg‘in o‘tmoqda. Ishtirokchilar orasida, albatta, hamyurtlaringizning chiqishlari muxlisu-mutaxassislar tomonidan e’tirof etilmoqda. Sharoitlar a’lo darajada tizimli ravishda yaratilgan. Barcha ishtirokchilar kabi biz ham g‘oliblik da’vosida kelganmiz.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 may kuni “Suv parisi” I Markaziy Osiyo ochiq chempionatining tantanali ochilish, g‘olib hamda sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev, Almurod Mamadaminov, O‘zA