Zelenskiy Anqaraga yetib keldi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiya poytaxti Anqaraga yetib keldi, deb xabar tarqatdi turk matbuoti.
Zelenskiyni Turkiya va Ukraina rasmiylari aeroportda kutib olgan.
Ma’lumki, bundan bir necha kun avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga 15 may kuni Istanbulda hech qanday shartlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni davom ettirishni taklif qilgan edi. RF yetakchisi tegishli muzokaralar davomida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishi mumkinligini istisno etmagan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, mamlakat rasmiylari uzoq muddatli tinch yo‘l bilan kelishuvga erishish yo‘llari ustida ishlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bilan taklif etilayotgan muzokaralardan maqsad, mojaroning asl sabablarini bartaraf etish va Rossiya manfaatlarini ta’minlashdan iborat.
Ayni paytda Turkiyada Rossiya delegatsiyasiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qilmoqda.
Dmitriy Peskov “CNN” telekanali bilan bo‘lgan suhbatda Vladimir Putinning Ukraina bilan Turkiyadagi muzokaralarida ishtirok etishini istisno qildi.
“Yo‘q”, deb javob bergan u Putinning Istanbulga kelishi ehtimoli bormi, degan savolga.

Ukraina va Rossiya o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan muzokaralarga AQSH yetakchisi Donald Tramp ham katta e’tibor bilan qarab turibdi. Zero, Qo‘shma Shtatlar rahbari Ukraina nizosini hal qilish o‘zining prezidentlik davridagi ustuvor vazifa ekanini ta’kidlagan.
– Agar kerak bo‘lsa, juma kuni Turkiyada Ukrainadagi ziddiyatni hal qilish bo‘yicha muzokaralarga qo‘shilishga tayyorman, -dedi u Dohadagi biznes rahbarlari bilan uchrashuvda.
S.Rahimov, O‘zA