AQSH va Qatar trillion dollarlik iqtisodiy bitim imzoladi
Oq uyning chorshanba kuni tarqatgan xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Doha shahrida Qatar bilan 1 trillion dollardan ortiq iqtisodiy hamkorlik shartnomasini imzoladi.
– Qatar AQSHdan 96 milliard dollarga 210 ta “Boeing 787 Dreamliner” va “777X” samolyotlarini sotib oladi, –dedi Oq uy ma’muriyati vakili.
Qatar Davlati shuningdek, qariyb 2 milliard dollarga AQSHdan “MQ-9 Reaper” razvedka va zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparatlarini xarid qiladi.
Shartnomaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar birinchi marta Qatarga dronlarga qarshi kurashish tizimini sotadi. Bu kelishuv qiymati 1 milliard dollarga baholanmoqda.
Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt Qatar hukumati “Boeing 747-8” samolyotini Pentagon foydalanishi uchun topshirishni taklif qilgani, biroq bu masala hali qonuniy tasdiqlash bosqichida ekanini aytgan edi.
S.Rahimov, O‘zA