Milanda O‘zbekistonning yutuqlari taqdim etildi
Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 58-yillik yig‘ilishi doirasida tashkil qilingan “Kelgusi mezbon davlat” tadbirida mamlakatimizning islohotlar sohasidagi yutuqlari va mintaqaviy hamkorlikka oid qarashlari taqdim etildi. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev yurtimizda ilgari surilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yanada barqaror, inklyuziv va kelajakka yo‘naltirilgan davlat qurishga qaratilganini ta’kidladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarga alohida to‘xtaldi:
– Biz iqtisodiyotni liberallashtirish, aholi turmush darajasi va farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti miqdori ikki barobar ko‘payib, 100 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston atigi to‘rt yil ichida qashshoqlik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirdi. Joriy yil mazkur ko‘rsatkichni 9 foizgacha kamaytirish va 2030 yilga qadar ikki barobar qisqartirish vazifasi belgilangan. Shu bilan birga sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, uy-joy sharoitini yaxshilash, aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va og‘ir hududlarda infratuzilma barpo etish ko‘zda tutilgan qashshoqlikni qisqartirish kompleks dasturi amalga oshirilmoqda.


Tadbir so‘ngida J.Xo‘jayev barchani 2026 yil qadimiy Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik majlisiga taklif etdi. OTB prezidenti Masato Kanda 2010 yil ham Toshkent yillik anjumanga mezbonlik qilganini eslatdi:
– Bosh vazir o‘rinbosari takidlaganidek, Samarqand doimiy aholi yashaydigan eng qadimiy shaharlardan biri. Biz ushbu uchrashuvga alohida ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Samarqand insoniyat kelajagini yaxshilash yo‘lidagi hamkorligimizni mustahkamlash uchun eng qulay joy.


Muharrama Pirmatova, O‘zA