Polshaning Varshava shahrida World Boxing tashkiloti kubogining ikkinchi bosqich bahslarining ilk kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, musobaqaning -60 kg. vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Samandar Olimov mezbonlar vakili Maykl Akoto-Ampavni 5:0 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi. Vazni -65 kg. bo‘lgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev esa nimchorak finalda shvetsiyalik Hampus Bromanni katta ustunlik bilan mag‘lub etdi. Shuningdek, Jahongir Zokirov  +90 kg. vaznda mezbon bokschi Oskar Koperani ikkinchi raundda texnik nokautga uchratdi.

13 may kuni World Boxing tashkiloti kubogining ikkinchi bosqich bahslarida quyidagi 5 nafar charm qo‘lqop ustamiz ringga ko‘tariladi:

-57 kg: Xumorabonu Mamajonova – Michidmaa Erdenedalai (Mo‘g‘uliston)

-70 kg: G‘ofur Tohirov – Shpetim Bayoku (Kosovo)

-85 kg: Akmaljon Isroilov – Deniyel Pitt (Buyuk Britaniya)

-60 kg: Samandar Olimov – Enkhtur Tegshjargal (Mo‘g‘uliston)

+90 kg: Jahongir Zokirov – Mujohit Ilyos (Turkiya).

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA