Demokratik jamiyatda saylovchilar o‘z vakillari bilan uchrashish, faoliyatini kuzatish va baholash huquqiga ega bo‘lib, bu jarayon nafaqat deputatning mas’uliyatini oshiradi, balki saylovchilar bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlab, bildirilgan ishonchni to‘la oqlash yo‘lida o‘z faoliyatini tahlil qilish imkonini beradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Bahodirjon Sidiqovning qo‘ng‘irotlik saylovchilar bilan uchrashuvi ham ancha qizg‘in va samarali kechdi.

51-Qoratol saylov okrugi joylashgan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining mas’ullari va saylovchilar, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari, jamoatchilik faollari, nuroniylar ishtirok etgan tadbirda deputat Bahodirjon Sidiqov qonunchilikdagi islohotlar, qabul qilinayotgan yangi qonunlarning mazmun-mohiyati, shuningdek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida yurtimizda olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar bo‘yicha ma’lumot berib, mahalla ahlini qiynayotgan muammolarni tingladi.

Ko‘p yillardan buyon e’tibordan chetda qolib kelayotgan ichki ko‘chalarga asfalt yotqizish, eskirgan simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish, transformator o‘rnatish, tomorqalarni sug‘orish va eskirgan suv quvurlarini yangisiga almashtirish masalalari, shuningdek, Qipchoq mahallasidagi 24-sonli umumta’lim maktabiga zamonaviy sport zali va oshxona qurib berish bo‘yicha murojaatlarning yechimi o‘rganildi. Shu bilan birga, hududdagi mahallalarning ko‘chalari, yo‘laklari va ulardagi yoritish tizimlarida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha saylovchilarning murojaatlari tegishli tartibda ko‘rilgan amaliy choralar natijasida izchillik bilan bartaraf etiladigan bo‘ldi.

Uchrashuv davomida aholini qiynab kelayotgan muammolar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga topshiriq berilib, amaliy yordam ko‘rsatildi.

Mahalla raislari va saylovchilar xalq vakilining faoliyatini ijobiy baholab, uning kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Deputat saylovchilar ishonchini oqlab, xalqni rozi qilishga qaratilgan amaliy ishlari tufayli mana shunday e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Dovud Abibullev, O‘zA muxbiri