Nukus shahrida “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili doirasida “Eco-Save Aral-2025”, “Talaba yugur”, “O‘quvchi yugur”, “Harbiy yugur” va “Inson uchun” shiorlari ostida xalqaro xayriya hamda ekologik ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.

Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yugurish sportini ommalashtirish, ekologik muhit barqarorligini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan marafon 5000 nafardan ortiq yurtdoshimiz, xususan, yoshu keksani bir joyda birlashtirdi. E’tiborlisi, “Inson uchun” marafoni doirasida 250 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxs 1 kilometr masofaga yugurib, o‘z shijoatlarini sinovdan o‘tkazishdi. Ular orasida Nukus “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan ayollar internat uyi tarbiyalanuvchilari ham yuqori natijalar qayd etib, tadbir sovrindorlariga aylanishdi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar diplom, medal, pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, musobaqada faol ishtirok etgan bojxona xodimlari va boshqa ishtirokchilar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri