Sharafli kasb egalari taqdirlandi

139

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli 2-sonli oilaviy poliklinikada O‘zLiDeP tuman Kengashi tomonidan xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Unda partiya vakillari tuman tibbiyot birlashmasida mehnat qilayotgan barcha hamshiralar va tibbiyot xodimlarini bayram bilan samimiy qutladi. Shu bilan birga partiya dasturiy maqsad va vazifalarini aholi orasida keng targ‘ib qilib, partiya mavqeyini yuksaltirishga katta hissa qo‘shayotgan hamshiralarning mashaqqatli mehnati alohida e’tirof etildi.

– Hamshiralik – katta mas’uliyat, yuksak insonparvarlik va muhabbat talab etadigan sharafli kasb. Aholining hurmat va e’tiboriga sazovor bo‘layotgan ushbu kasb egalarining inson salomatligi yo‘lida qilayotgan fidokorona xizmati, bemorlar qalbiga umid, ko‘ngliga taskin bag‘ishlayotgan mehri chinakam e’tirofga loyiq. Bugun ular orasida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, faol fuqarolik pozitsiyasi bilan ajralib turgan hamkasblarimiz safi kengayib borayotgani quvonarlidir, – deydi O‘zLiDeP Beruniy tumani apparat rahbari Rahima Yuldasheva.

Bemorlarni nafaqat dori-darmon, balki mehr va shirin so‘zi bilan  davolayotgan kasb egalariga sana munosabati bilan faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.