Deputat tadbirkorlar va “mahalla yettiligi” bilan uchrashdi

133

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Ahmed Reymov o‘zi saylangan 5-sonli “Qo‘sko‘l” saylov okrugiga qarashli mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va “mahalla yettiligi” bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi so‘nggi yillarda mamlakatimizda, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy tashabbuslarni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan farmon va qarorlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida deputat A.Reymov davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori natijasida so‘nggi yillarda 15 dan ortiq muhim farmon va qaror qabul qilinganini ta’kidladi. Ushbu me’yoriy-normativ hujjatlar orqali hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish va, eng muhimi, mahalliy tadbirkorlikni keng qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.

Deputat ushbu hujjatlarda tadbirkorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar: soliq imtiyozlari, kredit resurslariga qulay shartlarda kirish, yer ajratish tartibining soddalashtirilishi, davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalar tashabbusini ilgari surish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi. Uchrashuv davomida A.Reymov ishtirokchilarga har bir qaror va farmonning asosiy bandlarini tushuntirib, amalda qanday qo‘llanilishi bo‘yicha ma’lumotlar berdi.

O‘z navbatida tadbirkorlar mavjud imkoniyatlar va ulardan qanday foydalanish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi. “Mahalla yettiligi” vakillari esa hududda ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish, ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy muammolarga tezkor yechim topishda deputatlar bilan hamkorlikda ishlash muhimligini ta’kidlashdi.

Ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda bildirilgan har bir taklif va murojaat deputat tomonidan e’tiborga olinib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etilishi yuzasidan choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri