BMT Turizm Yevropa komissiyasi tarkibiga Yevropa, Markaziy va G‘arbiy Osiyoning 41 ta davlati kiradi. Komissiya Yevropa mintaqasidagi turizm siyosatini shakllantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

4–6-iyun kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida 2025–2027-yillarda BMT Turizm Yevropa komissiyasiga rais saylovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur nufuzli lavozimga O‘zbekiston ilk bor o‘z nomzodini ilgari surmoqda. Bu tashabbus mamlakatimizning xalqaro turizm tashkilotlari doirasidagi faolligi va yuksak ishonchga sazovor bo‘layotganining yaqqol ifodasidir.

Lavozimni egallash orqali O‘zbekiston Markaziy Osiyoni yagona turizm makoni sifatida targ‘ib qilish, transchegaraviy marshrutlarni rivojlantirish, raqamli yechimlarni keng joriy etish, shuningdek, BMT Turizm tashkiloti doirasida mintaqaviy muloqotni kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda.

Ziyovuddin NURIDDINOV, Yoqubjon MELIBOEV, Anvarxo‘ja AHMEDOV (video), O‘zA