Oliy Majlis va Jogorku Kenesh o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi o‘rinbosari Nurlanbek Azigaliyev boshchiligidagi delegatsiya Senatga tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikning holati va uni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Parlamentlararo hamkorlik ikki do‘st davlat o‘rtasidagi barqaror siyosiy muloqotning eng muhim jihatlaridan biri ekani ta’kidlandi.

Oliy darajadagi tashriflar hamda xalqaro parlament forumlari doirasida kengayib borayotgan ikki tomonlama aloqalarning izchil sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi.

Parlamentlararo komissiya yig‘ilishlarini hududlarda o‘tkazishning ijobiy amaliyotiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlarning fikricha, bu hududlararo aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi. O‘z navbatida, bu parlament a’zolari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun samarali maydon bo‘lmoqda.

Muloqot chog‘ida parlamentlararo komissiya faoliyati doirasida Samarqandda o‘tkazilgan birinchi O‘zbekiston – Qirg‘iziston turizm forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishda navbatdagi qadam bo‘lgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar xalqaro parlament tuzilmalari doirasida hamkorlikni kengaytirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaning barqaror rivojlanishini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi.

N.Abduraimova, O‘zA