
Xitoy fan va texnologiyalar sohasidagi yutuqlarini yana bir bor namoyon etdi: 2025 yil 11 may kuni mamlakat orbitaga elektromagnit kuzatuvga mo‘ljallangan uchta zamonaviy sun’iy yo‘ldoshni muvaffaqiyatli uchirdi.
«Chanchjen-6A» (CZ-6A) nomli modifikatsiyalangan uch pog‘onali raketa Shansi provinsiyasidagi Tayyuan kosmodromidan uchirilgan. U orbitaga «Yaogan-40-02» sun’iy yo‘ldoshlari to‘plamini olib chiqdi. Xitoy rasmiylariga ko‘ra, bu qurilmalar yerning elektromagnit maydonini kuzatish, ionosfera hodisalarini o‘rganish va ilg‘or texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish uchun xizmat qiladi.
Sun’iy yo‘ldoshlar orbitada koinot ob-havosini prognoz qilish, radioaloqa va GPS tizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ionosferadagi buzilishlarni aniqlash, yer osti foydali qazilmalarini qidirish hamda zilzilalarni erta aniqlash tizimlarida muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
50 metrlik uzunlikka ega «Chanchjen-6A» raketasi ekologik toza yoqilg‘ida — kerosin va suyuq kislorod aralashmasida ishlaydi. Uning yuk ko‘tarish quvvati 6,5 tonnagacha yetadi va u sun’iy yo‘ldoshlarni 500 km balandlikdagi orbitaga olib chiqishga qodir.
Bu Xitoyning nafaqat ilmiy-tadqiqot salohiyatini, balki koinot sohasidagi ambitsiyalarini ham yaqqol ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda Pekin kosmosni chuqur o‘rganish va undan amaliy foyda olishga doir loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA