Zelenskiy: Putin bayonoti – yaxshilik alomati
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 15 may kuni Istanbulda Ukraina bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. U muloqotni oldindan hech qanday shartsiz boshlashni taklif qilib, bu jarayon mojaroning asl sababini aniqlash va bartaraf etish, uzoq muddatli istiqbolda mustahkam tinchlik o‘rnatish uchun zarurligini ta’kidladi.
Avvalroq Moskva o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv faqat muayyan shart, jumladan G‘arbning Ukrainaga harbiy yordamini to‘liq to‘xtatish orqali muhokama qilinishi mumkinligini bildirgandi.
Prezident Vladimir Zelenskiy Putinning ayni bayonotini “harqalay, yaxshilik alomati” deya baholab, “ruslar nihoyat urushni tugatish haqida o‘ylayotganini ko‘rish yaxshi belgiligi, dunyo bu qarorni ko‘pdan beri kutayotganiga e’tibor qaratgan. Uning fikricha har qanday urushni haqiqatan tugatish yo‘lidagi ilk qadam – o‘t ochishni to‘xtatish.
Ukraina rahbari RF 12 maydan boshlab o‘t ochishni to‘liq, uzoq muddatga va ishonchli tarzda to‘xtatishi kutilayotgani, Ukraina esa uchrashishga tayyorligini bildirdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova bunga javoban muzokaraning birinchi bosqichida ziddiyatning asl sababini muhokama qilish talab qilinishi, shundan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokara boshlanishini ta’kidladi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp muzokara tashabbusini olqishladi: Bu Rossiya va Ukraina uchun ajoyib kun bo‘lishi mumkin, yarashuv haftaligi yaqin!
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Putinning taklifini “birinchi qadam, ammo yetarli emas” deya izohlagan. Xalqaro ekspertlar “Nima bo‘lganda ham, dastlabki qadam tashlandi-ku, deya uchrashuvga katta umid bog‘lamoqda.
Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Putin bilan telefon orqali suhbatda Ukraina va Rossiya o‘rtasida uchrashuv tashkil etish, avvalroq Makron bilan suhbatda o‘t ochishni to‘xtatish va mustahkam tinchlikni ta’minlashga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirgan.
Eng muhimi Putinning Ukraina bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazish taklifini Zelenskiy va Tramp ham olqishlagan.
K.Bekjonov, O‘zA