Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov o‘ziga biriktirilgan qizil toifadagi ishsiz yoshlar bilan uchrashdi.
Unda yoshlar siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar, imkoniyatlar, shuningdek, Prezidentimiz tomonidan shu yilning 14 fevral kuni yoshlar masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash jarayonida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tub burilishlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda otaliqqa olingan 20 nafar yoshning bandligi masalasida har biri bilan yaqindan suhbatlashib, ularning qiziqishi va mutaxassisligiga ko‘ra ishga joylashtirish masalasida fikrlari tinglandi. Ular tegishli mas’ullarga biriktirilib, bandligini ta’minlash bo‘yicha ma’lum muddat belgilab olindi.

***
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi rahbarligida Bo‘zatov tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda hududda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasini tez fursatda ishga tushirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berilgan edi.
Qisqa vaqt ichida ushbu tashabbus bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi va sinov tariqasida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tez orada shoxobcha to‘liq quvvatda ish olib boradi.
Chekka tumanlardan biri bo‘lgan Bo‘zatovda ilgari avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi yo‘q edi. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida shoxobcha faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer maydoni ajratildi va yangi tadbirkorlik sub’ekti ish boshladi.

***
Taxtako‘pir tumani hokimligi va tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, tegishli soha rahbarlari, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar, xotin-qizlar va tashqi migratsiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirok etdi.
Yarmarkada 24 nafar fuqaro ro‘yxatga olinib, ulardan 9 nafariga tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Shuningdek, 2 nafar fuqaro kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash kurslariga yuborildi. Qolgan 13 nafariga esa mehnat qonunchiligi va huquqiy masalalar bo‘yicha maslahat berildi.

***
Kegeylidagi 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida voleybol bo‘yicha Ichki ishlar vaziri kubogining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda mahallalardan 16-21, 22-30 yosh toifasidagi o‘g‘il va qiz bolalardan tashkil topgan jamoalar ishtirok etib, o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Musobaqa yakunida g‘oliblarga diplom hamda sport formalari topshirildi. Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘olib jamoalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.