Inson qadri ulug‘langan yurt

287

Aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda 2023 yil 1 iyuldan boshlab shahar va tumanlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.

Mazkur agentlik faoliyatini tashkil etish hamda ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2023 — 2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Xo‘jayli tumani hokimligi axborot xizmati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga press-tur tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIM ga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi alohida norma sifatida belgilab qo‘yildi. Prezidentimizning 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan davlat tomonidan aholini manzilli himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Jumladan, kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy himoya tizimini joriy qilish, ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish orqali aholining yordamga muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash hamda ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratiladi.

–Asosiy vazifalardan biri og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar bilan manzilli ishlash, ularga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, jamiyatga ijtimoiylashuvini ta’minlash orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi sonini kamaytirish, aholini o‘zi yashayotgan muhitdan ajratmaslik, ijtimoiy xizmat va ijtimoiy yordamning barqaror bo‘lishini ta’minlash orqali ularning huquqlarini doimiy kafolatlashdir. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun keys-menejment usulini qo‘llagan holda samarali ish tashkil qilish, ulardan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilish, zaruratga qarab buyurtmalarni mas’ul vazirlik va idoralarga yuborish, og‘ir ahvolga tushgan va tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni muntazam ravishda monitoring qilib borish kerak. Shu bois har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar, yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy holati va ehtiyojlarini o‘rganish natijasida ijtimoiy pasportlar shakllantirildi,–deydi Xo‘jayli tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Zamira Baltamuratova.

Bugungi kunda tumanda jami 25 ming 504 ta xonadon, 32 ming 165 ta oila mavjud. Aholi soni esa 129 ming 416 nafarni tashkil qilmoqda. O‘rganish natijasiga ko‘ra, tumanda jami 10 ming 811 ta oila ijtimoiy xizmat va yordamga muhtojligi aniqlandi. Ushbu oilalarga keys menejment usuli orqali ijtimoiy xodimlar biriktirildi va markaz tomonidan ijtimoiy xizmatlar hamda yordam ko‘rsatish rejasi ishlab chiqildi.

2025 yil 1-choragi davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 oktyabrdagi “Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar tomonidan tumandagi 12 toifadagi aholi qatlamiga 103 ta turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatilib kelinmoqda. Shuningdek, “Inson” markazi operatorlari tomonidan shu kunga qadar jami 5 ming 331 ta ariza qabul qilinib, shularning 4 ming 167 tasiga xizmat ko‘rsatildi. Bundan tashqari, shu kunga qadar jami 298 ta “Keys” (ijtimoiy ish) ochilib, belgilangan tartibda jami 1 ming 192 ta xizmat rejasi ishlab chiqildi. Jumladan, 24 ta xizmat “Inson” markazi tomonidan, 1 ming 168 tasi ijtimoiy xodimlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardir. Bugungi kunda 1 ming 54 ta xizmat to‘liq ko‘rsatilib bo‘lindi.

Kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 128 nafar fuqaroga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 152 million 835 ming so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Markaz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 dekabrdagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 martdagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi keksa hamda nogironligi bo‘lgan 103 nafar shaxs “Yolg‘iz keksa” reyestriga kiritildi. Ularga 15 nafar ijtimoiy xodim assistenti biriktirilgan bo‘lib, ular keksalarning uyida ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 12 nafar fuqaroga pullik ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatildi. 75 nafar pensiya yoshidagi nuroniylar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga Agentlik tizimidagi sanatoriylarga yo‘llanma berildi.

Tumanda tazyiq va zo‘ravonlik bo‘yicha 102 qisqa telefon raqami orqali 70 ta, “Inson” markazi orqali 6 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 46 nafariga ijtimoiy, 40 nafariga psixologik xizmat, 6 nafariga huquqiy yordam ko‘rsatildi. Tuman tibbiyot birlashmasida joylashgan Birlamchi ko‘mak xonasiga 5 nafar ayol va ularning 4 nafar voyaga yetmagan farzandi joylashtirildi. Yil davomida 1 nafar ayol 1 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan Reabilitatsiya markaziga yuborildi.

Tumanda 2025 yil 1 aprel holatiga jami 4 ming 49 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs mavjud bo‘lib, shundan 461 nafari 1-guruh, 2 ming 785 nafari 2-guruh, 115 nafari 3-guruh hamda 688 nafari esa bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarni tashkil qiladi. Joriy yilning shu kuniga qadar 10 nafar fuqaroga elektrda harakatlanadigan aravacha, 41 nafar fuqaroga qo‘lda boshqariladigan kreslo aravacha, 17 nafar fuqaroga eshitish moslamasi, 24 nafar fuqaroga hassa, 14 nafar fuqaroga qo‘ltiq tayoq (juft), 19 nafar fuqaroga tirsakli qo‘ltiq tayoq (dona), 23 nafar fuqaroga ko‘zi ojizlar hassasi, 7 nafar fuqaroga yurish moslamasi xodunok, 1 nafar fuqaroga peshob qabul qilgich, 31 nafar fuqaroga protez ortopedik mahsulot topshirildi. 58 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar Reabilitatsiya markazida davolanib chiqishdi. 2025 yilning yanvar-mart oylari davomida Xo‘jayli tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi mehnatga layoqatlilik tavsiyasi berilgan fuqarolardan jami 81 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. Bugungi kunga kelib 31 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs parasport bilan shug‘ullanib kelmoqda.“Besh tashabbus paralimpiadasi”da tumandan 112 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatdan o‘tgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 martdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordamni tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida og‘ir ahvoldagi doimiy davolanishga muhtoj bo‘lgan 326 nafar fuqaroga jami 151 million 673 ming so‘m bir martalik moddiy yordam berildi. Yanvar-fevral oylari davomida ota-onalari chet davlatlarga (migratsiya) ga chiqib ketgan oilalar to‘liq o‘rganib chiqildi. Bolalarni ijtimoiy himoya qilish shu’basi tomonidan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va ota-onasi olti oydan ortiq yashash joyida bo‘lmagan, voyaga yetmagan 66 nafar bola aniqlanib, shundan 47 nafariga vasiy va 19 nafariga homiy tayinlandi. Tumanda qarovsiz va nazoratsiz voyaga yetmaganlarga jami vasiy va homiy tayinlashni 400 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 6 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani uy-joy bilan ta’minlash, 2025-2026 o‘quv yilida 11 nafarini oliy ta’lim muassasalariga kvota asosida o‘qishga kiritish rejalashtirilgan.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Xo‘jayli tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga qarashli “Jayhun” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan 17-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari