O‘zbekistonliklar fizika bo‘yicha Osiyo olimpiadasida

177

Saudiya Arabistoni Dahron shahridagi Qirol Fahd neft va minerallar universitetida 25-Osiyo Fizika Olimpiadasi boshlandi. 4-12 may kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur yirik tadbir “Kelajak energiyasini birga yaratamiz” shiori ostida 30 davlat, 240 talaba, 100 dan ziyod xalqaro ekspertni birlashtirdi. Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) ma’lum qilishicha, anjuman bosh kotibi vazifasini bajaruvchi doktor Xolid Ash-Sharif Olimpiada yoshlarning aql-zakovati, bilimi va cheksiz salohiyatini tarannum etuvchi ulkan maydon ekanini ta’kidladi.

Ayni nufuzli tadbirga mezbonlik qilish Podshohlikning energetika sohasidagi yetakchi mavqeidan kelib chiqib, insoniyatga sarmoya kiritish, kelajakning haqiqiy boyligini ifodalovchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga nisbatan yondashuvning ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Dunyoning turli burchaklaridan Saudiyaga kelgan o‘quvchilar Xalqaro Olimpiya Kengashi tomonidan ishlab chiqilgan va baholangan, qat’iy ilmiy standartga mos, har biri besh soatdan iborat ikki asosiy – nazariy va amaliy imtihon topshiradi. Dasturdan o‘quv sayohati, madaniy va ko‘ngil ochar tadbirlar ham o‘rin olgan.

Ahamiyatlisi, yer yuzining eng iqtidorli o‘g‘il-qizlari safidan o‘rin olgan mamlakatimiz vakillari ham dunyo yoshlari bilan muloqot qilish, madaniy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiluvchi keng qamrovli ta’lim tajribasini o‘zlashtirish imkonidan foydalanishadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA