Asarlari el ichra mangu
Mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov tavalludining 96 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Nukus shahridagi I.Yusupov ijod maktabida, Chimboy tumanidagi “Tag‘jap” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan uy muzeyida, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Chimboy fakultetida ham shoir tavalludi munosabati bilan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi K.Karimov, “Amudaryo” jurnali bosh muharriri, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri X.Dao‘letnazarov va boshqalar shoir hayoti va ijodiga to‘xtaldi.

Ibroyim Yusupov 1929 yili Chimboy tumanining Ozod qishlog‘ida tavallud topdi. Bolaligida Qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodi namunalarini, Sharq adabiyotlari hamda mumtoz adabiyotimiz namoyandalarini, talabalik yillarida esa rus va jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishib, ularning asarlaridagi badiiyat sirlarini qunt bilan o‘rgandi.
Shoirning shu “Baxt lirikasi”, “Kunchiqar yo‘lovchisiga”, “O‘ylar”, “Yetti navo”, “Dala orzulari”, “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar”, “To‘maris”, “Ilhom”, “Tashvishlarga boy dunyo”, “Tuzli shamollar”, “Ko‘ngildagi keng dunyo”, “Bekligingni buzma sen…”, “Har kimning o‘z zamoni bor” kabi she’riy to‘plamlari nashr etildi.

Uning ikki jildlik “Tanlangan asarlar” to‘plamlari ikki marotaba 1978 – 1979 va 1992 yillarda nashr qilingan. Turli yillarda chop etilgan to‘plamlarda shoirning “O‘rtoq muallim”, “Akatsiya gullagan yerda”, “Aktrisaning iqboli”, “Gilamchi ayol”, “Eski favvora ertagi”, “Dala armonlari”, “To‘maris”, “Bulbul uyasi”, “Farishta oy”, “Poseydonning g‘azabi”, “Vatan tuprog‘i” va boshqa doston(poema)lari e’lon qilindi. Uning asarlari rus, gruzin, qozoq, qirg‘iz, latish kabi ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilindi.
Tadbirda iqtidorli o‘quvchilar, talaba yoshlar tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.