Jo‘qorg‘i Kenges raisi Bo‘zatov tumanida bo‘ldi

212

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Bo‘zatov tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi berilgan topshiriqlar bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining ijrosi bilan tanishdi.

Ta’kidlash joiz, tumanni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur asosida bir qator vazifalar belgilangan bo‘lib, muammolarni bartaraf etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan barcha imkoniyatlar, shu jumladan, moliyaviy manbalar ham hal qilib berilgan. Lekin, ayrim joylarda mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagan.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan majlisda shimoliy tumanlarni bevosita Qo‘ng‘irot tumani bilan bog‘lovchi ponton ko‘prik qurish masalasini o‘rganib chiqish, tuman hududida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasini tez fursatda ishga tushirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi shuningdek, tuman mahallalarida infratuzilma va aholi turmushi

bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. O‘rmon xo‘jaligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish va yashil belbog‘lar barpo etishda pitomniklarning o‘rni alohida ekani ta’kidlanib, ko‘chat tayyorlash ishlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, “Qusxanatau” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish namunali loyihasini amalga oshirish doirasida oilalarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida tashkil etilgan kooperatsiya tomonidan yo‘lga qo‘yilgan kartoshka va mosh mahsulotlarini yetishtirish ishlari bilan tanishdi. Tomorqalaridan mo‘l hosil olayotgan “Bo‘zatov” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Qalmambet Jangeldiyev, Sag‘indiq Baymuratov hamda Juginis Jumanazarovning yer maydonlari va issiqxonalari ko‘zdan kechirilib, ularning ishlari ko‘pchilikka namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

“Erkin-daryo” kanalidagi yaroqsiz holga kelib qolgan ko‘prik o‘rniga fuqarolar uchun xavfsiz yangisini qurib berish, “Zarbdor” tajribasi asosida kanal bo‘yi xizmatini tashkil etish, bozor hududida aholiga va sotuvchilarga qulay sharoit yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, “Bo‘zatov” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangi qurilayotgan 5 qavatli turar joy qurilishi, yosh tadbirkorlar tomonidan bo‘sh turgan binoda ishga tushirilgan mebel ishlab chiqarish loyihasi bilan ham tanishdi. Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tuman markazidagi Sport maktabida yaratilgan sharoitlarni ham ko‘zdan kechirib, sportchi yoshlar bilan yaqindan muloqot qildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.