Kichik va o‘rta biznes vakillari bilan muloqot

198

Qoraqalpog‘iston Respublikasi soliq boshqarmasi tomonidan Chimboy tumanida faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda mutaxassislar dastlab tadbirkorlarning barqarorlik reytingi va sohaga oid so‘nggi o‘zgarishlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilayotgan soliq imtiyozlari haqida ma’lumot berdi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda yurtimizda bu soha ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylanganini, so‘nggi yillarda kichik va o‘rta tadbirkorlar soni 2 karra ko‘payganini qayd etdi.

Bugungi kunda Chimboy tumanida 2 ming 200 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularning 1 ming 123 tasi mikrofirma, 48 tasi kichik korxona, 1 ming 29 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlardir. Ochiq muloqotda tadbirkorlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarga yechim topish, shuningdek, ularning biznesini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida soliq ma’murchiligiga amal qilib ilg‘or natijalarga erishib kelayotgan bir guruh soliq to‘lovchilarga minnatdorlik bildirildi va ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.