Qaror ijrosiga ilmiy yondashuv

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Hayvonlar kasalliklari tahlili va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi” mavzusiga bag‘ishlangan respublika miqyosidagi o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda mutasaddi tashkilotlar vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tuman veterinariya bo‘limlari xodimlari, sohaga aloqador mutaxassislar, shuningdek, filial professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, sohada ilmiy-tahliliy yondashuvni kengaytirish hamda veterinariya xizmatlarining sifatini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir avvalida filialda sohaga oid ko‘rgazma tashkil etildi. Unda veterinariya va chorvachilik yo‘nalishidagi ilg‘or ishlanmalar, diagnostik vositalar, ilmiy-amaliy yutuqlar namoyish etildi.

O‘quv-seminarida O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining Fan va ta’lim sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, veterinariya fanlari doktori, professor S.Mavlonov va boshqa so‘zga chiqqanlar tomonidan hayvonlar kasalliklarini erta aniqlash, zamonaviy diagnostika usullari, bioxavfsizlik choralarini ko‘rish, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi hamda sifati kabi masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar qaror ijrosi yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Sohaga oid mavjud muammolarni hal etish borasida takliflar bildirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri