Sport kasb va yosh tanlamaydi

Nukusda O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi birlashgan qo‘mitasi va Sport vazirligi bilan birgalikda qabul qilingan qo‘shma qaror asosida “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida xodimlar spartakiadasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan musobaqada shahar va tumanlardagi sport maktablarining 30 yosh va undan katta yoshdagi erkak xodimlari mini futbol, ayollar voleybol va stol tennisi bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Ko‘tarinki kayfiyat va do‘stona raqobatlashuv ruhida o‘tgan spartakiadada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Sport vazirligi, Yoshlar ishlari boshqarmasi mas’ullari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Musobaqa g‘oliblariga, nominatsiya egalariga, spartakiadani o‘tkazishda yaqindan yordam bergan tashkilotlar vakillariga O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi birlashgan qo‘mitasi tomonidan tashakkurnoma, maxsus diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.