Mahalla raisiga ishonch bildirildi

199

2025 yilning 1 may sanasidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 452 ta fuqarolar yig‘inida raislarni saylash tadbiri boshlandi. Mana shunday saylov Nukus shahridagi “Nao‘qan bog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida ham bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi mahalla raislari saylovini yangicha demokratik, ochiqlik va oshkoralik, fuqarolarimizning xohish-irodasini erkin ifoda etish tamoyillariga mos tarzda o‘tkazish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, bundan buyon fuqarolar yig‘ini raislarining vakolat muddati 5 yilga uzaytirildi.

Jumladan, shu yilning 21 fevral sanasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolar yig‘ini raisi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga ko‘maklashish to‘g‘risida”gi prezidium qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi komissiyasi tashkil etildi. Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlarining qarorlari bilan saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Nukus shahar va tuman komissiyalari, shuningdek, har bir mahallada saylovni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi ishchi guruhlar tuzildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilayotgan saylov tadbirlarida jami 142 ming nafardan ortiq vakil ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, mahalla raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish bo‘yicha O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tomonidan maxsus media-reja ishlab chiqildi. Saylovni o‘tkazish va unda fuqarolarning ishtirok etish tartibi bo‘yicha rasmiy veb-sayt va hududiy ijtimoiy tarmoqlarda kundalik ma’lumotlar berib borilmoqda.

“Nao‘qan bog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida saylovni tashkil etuvchi va o‘tkazuvchi tegishli ishchi guruh a’zolari bilan birga 300 nafardan ortiq mahalla vakili ishtirok etdi. Tadbirda ovoz berish yo‘li bilan yig‘ilish kotibi, prezidium a’zolari hamda sanoq komissiyasi a’zolari tasdiqlandi. Shundan so‘ng, yig‘ilganlarga mahalla fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlarning tarjimai holi va mehnat faoliyati tanishtirildi.

Yakunda eng ko‘p ovoz olgan amaldagi rais Zamira Aytbayeva “Nao‘qan bog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.