Pedagoglar tayyorlash tizimi transformatsiyasi – Yangi O‘zbekiston uchun sifatli ta’lim garovi
Ta’lim tizimida shiddatli o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa xorijning ilg‘or ma’rifiy tajribasini yurtimiz o‘quv jarayoniga joriy etish, yuksak bilim va malakali kadrlarning salohiyati orqali mamlakat taraqqiyotiga erishishdir.
Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” universitetida “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimining transformatsiyasi – Yangi O‘zbekiston uchun sifatli ta’lim garovi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada shu haqda batafsil so‘z yuritildi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mutasaddilari, Cambridge Assessment, UNESCO, UNICEF, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari, Cambridge universiteti va boshqa xalqaro ta’lim tashkilotlarining mas’ullari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 28 apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga yurtimizdagi pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan 13 ta oliy ta’lim tashkiloti Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimiga o‘tkaziladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich universitetning mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtiriladi hamda yuridik shaxs bo‘lmagan 6 ta pedagogika oliy maktabi tashkil etiladi.
Yetakchi oliy ta’lim tashkiloti sifatida e’tirof etilayotgan mazkur universitetning boshqaruv tizimi “Yangi O‘zbekiston” universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi, xalqaro ta’lim dasturlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga birinchi kursdan joriy etiladi.

Xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda dars berish uchun professor-o‘qituvchilar tanlab olinadi. Yangi o‘quv yilidan boshlab pedagog kadrlarni tayyorlash shakli kunduzgi va kechki ta’lim shaklida olib boriladi. Sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmaydi.
2026-2027 o‘quv yilidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berishga oid “Gospital pedagogika” magistratura mutaxassisligi yo‘lga qo‘yiladi.
Farmon bilan pedagog kadrlar tayyorlash tizimining transformatsiyasi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bunda universitet dunyo reytingida yetakchi o‘rinda turgan Buyuk Britaniyaning Kembridj universiteti bilan o‘qituvchilarni tayyorlashning amaldagi dasturlarini ko‘rib chiqish, yangi o‘quv reja va dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Kembridj universitetining malakali mutaxassislaridan iborat xalqaro ekspertlar guruhi universitet va pedagog kadrlar tayyorlaydigan barcha oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish bo‘yicha keng qamrovli tahlil o‘tkazadi.
Ma’rifiy tahlillar asosida sohani rivojlantirish yuzasidan kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan hamkorlikdagi “Yo‘l xaritasi”ni tuzish rejalashtirilgan.
Konferensiya doirasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini transformatsiyalash bo‘yicha ushbu rejalarni amalga oshirishga oid taklif va mulohazalar tinglandi.
N.Usmonova, O‘zA