O‘smir sambochilarimiz Qozog‘istondagi xalqaro turnirda 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi
Bugun hayotimizni sportsiz tasavvur qilish qiyin. Chunki, sport farzandlarimizning har tomonlama kamol topishida hal qiluvchi kuchga ega.
Shu bois, jahon arenalarida mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurtimiz dovrug‘ini taratadigan yoshlarni tarbiyalashga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyatida sambo bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro turnirda ishtirok etib, g‘alabani qo‘lga kiritgan bir guruh sportchilarni bugungi imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan yoshlar deyish mumkin.
Qanibekuli Jonarbek xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirda o‘zbekistonlik sambochilar 3 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

2012-2013 yilda tug‘ilganlar o‘rtasidagi bahslarda Ro‘zimat Mo‘ydinjonov (-42 kg.) oltin, Abzal Rahmatullayev (-32kg.) bronza medaliga egalik qildi.
2009-2011 yillar bellashuvida esa Baxtiyor Kaldibayev (-64kg.), Yersultan O‘rinbasarov (-88 kg.) oltin, Qilichbek Akbarov (-71kg.) kumush, Doniyor Rahmatullayev (-46 kg.), Asror Avazov (-46 kg.) hamda Mexmet Amirov (-64kg.) bronza medal bilan taqdirlandi.
N.Rahmonova, O‘zA