Vashington va Kiyev Ukraina tabiiy resurslari bo‘yicha kelishuv imzoladi

167

30 aprel kuni AQSH va Ukraina nodir metallar qazib olishda hamkorlik qilish hamda mamlakatni tiklash bo‘yicha Amerika-Ukraina sarmoya jamg‘armasini ishga tushirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bitimga ko‘ra, tomonlar teng huquqqa ega bo‘ladi va muhim materiallar, neft va gaz sohasida yangi loyihalar amalga oshiradi. Shu bilan birga Ukraina hududidagi barcha resurslar, shuningdek “Ukrnafta” va “Energoatom” davlat korporatsiyalari mulk sifatida Kiyev nazorati ostida qoladi. Endi hujjat Oliy Rada tomonidan ratifikatsiya qilinishi zarur.

Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Yuliya Sviridenko ta’kidlashicha, kelishuv doirasida investitsiya fondi birgalikda boshqariladi, tomonlarning hech biri hal qiluvchi ovozga ega bo‘lmaydi.

– Tuzilayotgan jamg‘armada ulush va boshqaruv huquqi teng, – deb yozdi siyosatchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – To‘liq egalik va nazorat Ukrainada qoladi. Hudud va suvimizdagi barcha resurslar o‘zimizga tegishli. Qayerdan va nima qazib olishni aynan davlatimiz belgilaydi. Yer osti boyliklari Ukraina mulki bo‘lib qoladi – shunday kelishuv ta’minlangan.

AQSH moliya vaziri Skott Bessent ham bitim imzolanganini tasdiqladi.

“Reuters” agentligi yozishicha, qo‘shimcha yana ikki hujjatni imzolash rejalashtirilgan. Faqat Kiyev bu masalani o‘rganishi uchun qo‘shimcha vaqt so‘ragan.

Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal 27 aprel kuni Bessent bilan uchrashuvi yakunida Kiyev Amerikaning ilgari ko‘rsatgan moliyaviy yordami yer qa’ri bo‘yicha kelishuvga qarz majburiyati sifatida kiritilmasligiga erishgan.

– Ushbu kelishuv Rossiyaga Tramp ma’muriyati erkin, suveren va gullab-yashnagan Ukrainani yaratishga qaratilgan uzoq muddatli tinchlik jarayoni tarafdoriligi haqida aniq xabar beradi, – degan mulozim vazirlik e’lon qilgan bayonotda. – Ukrainani tiklashga Rossiya harbiy-sanoat majmuasini moliyalashtirgan davlatlar va shaxslar jalb qilinishi taqiqlanadi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bitim imzolanganini olqishlagan. U ijtimoiy tarmoq sahifasida Qirollikning Ukraina bilan bir asrlik hamkorlik shartnomasiga sodiqligini alohida ta’kidlagan.

S.Rahimov, O‘zA