“Osiyo o‘yinlari – 2026”da kurash musobaqalari qaysi vazn toifalarida o‘tkaziladi?

Ma’lumki, 2026 yili Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlari qit’a sportchilari uchungina emas, davlatlar uchun ham o‘ziga xos jismoniy tarbiya va sport imtihoni sanaladi.
Kunchiqar yurtda o‘tadigan “kichik olimpiada” bahslari yurtimiz sportchilari qatorida milliy sportimiz kurashning xalqaro rivoji yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, bu galgi Osiyo o‘yinlari boshqalaridan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? Umumiy ishtirokchi sportchilar, mehmonlar soni qanchani tashkil etishi kutilmoqda? Qit’a olimpiadasining kurash musobaqalari qaysi kunlari o‘tkaziladi va uning vazn toifalari qanday bo‘ladi?
Osiyo olimpiya kengashi (OCA) va barcha sport turlari bo‘yicha texnik direktorlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu savollarga javob berildi.

Muhokamalar jarayonida ta’kidlanganidek, tashkiliy qo‘mita “Aichi-Nagoya-2026”da 13 ming nafar sportchi uchun infratuzilma yaratish imkoniyati yo‘qligi sababli ishtirokchilar sonini 10 ming nafarga qisqartirishga qaror qildi. Bu o‘zgarish o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan kurash, karate va ushu kabi sport turlarida vazn toifalari sonining qisqarishiga olib keldi.
Ayni qaror natijasida milliy sportimiz kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari musobaqalari erkaklar va ayollar uchun uchtadan vazn toifasi o‘tkazilishi belgilanishiga olib keldi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Osiyo kurash konfederatsiyasi hamda Osiyo olimpiya kengashi tashkiliy qo‘mitasi qaroriga asosan kurash bo‘yicha XX yozgi Osiyo o‘yinlari doirasida ayollar: -57, -78, +87 kilogrammda, erkak kurashchilar -66, -81, +90 kilogramm vaznda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradigan bo‘ldi.
Osiyo o‘yinlari dasturidagi kurash bellashuvlari 2026 yil 27, 28 va 29 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Musobaqalar Aichi prefekturasining jang san’atlariga ixtisoslashtirilgan majmuasida tashkil etiladi. Ushbu arenada jiu-jitsu, ushu va boshqa yakka kurash sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan.
O‘yinlar dasturi va ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”ga binoan ishtirok etuvchi kurashchilar boshqa sport turlari vakillari bilan birgalikda Yaponiyaning Nagoya shahrida joylashadigan maxsus kruiz kemasida istiqomat qiladi. Ushbu suzuvchi mehmonxonada 5 ming nafarga yaqin sportchi va rasmiy delegatsiya a’zolari uchun yashash sharoitlari yaratilishi kutilmoqda.
Aytish lozim, qit’a o‘yinlarida 43 ta sport turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi kelgusi yilning 19 sentyabrida, yopilish tantanalari 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tishi tasdiqlangan bo‘lib, ushbu marosimlarda 35 ming nafarga yaqin mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Osiyo olimpiya kengashi hamda sport turlari bo‘yicha texnik qo‘mita vakillari ishtirokida tegishli komissiyalarning seminar va o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari 2 mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA