Taekvondochilarimiz nufuzli turnir shohsupasida

215

Xitoyning Usi shahrida taekvondo WT bo‘yicha G1 klassifikatsiyasiga kiruvchi XIII klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Musobaqaning so‘nggi kunida O‘zbekiston milliy terma jamoasining 12 nafar vakili dayangga chiqdi va 2 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Jumladan, Jahongir Xudoyberdiyev (54 kg.) va Ozoda Sobirjonova (67 kg.) o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Finalga qadar muvaffaqiyatli jang olib borgan Omonjon Otajonov (58 kg.) hamda Svetlana Osipova (+73 kg.) kumush medali bilan taqdirlandi. Sevinch Hayitova (62 kg.) esa shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Shunday qilib, XIII klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Pavel Xan boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi kechagi natijalar bilan birga hisoblaganda 4 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza, jami 14 ta medalga ega chiqdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA