Deputat Qo‘ng‘irot tumanida bo‘ldi
Parlament quyi palatasi deputati Guljan Xalmuratovaning uchrashuvlari eng chekka hududlarning biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida ham tashkil etildi.
Xalq vakili tumandagi “Almazar” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, “Mahalla yettiligi” bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda qabul qilinayotgan yangi qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati, ayniqsa, mahalla tizimiga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z bordi. Mazkur mahalla fuqarolar yig‘inida 822 ta xonadon bo‘lib, ularda 3 ming 800 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Deputat mahallada tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlar bandligini ta’minlash, yoshlar bilan ishlash borasidagi faoliyat, ajrimlar va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Uchrashuv davomida xalq vakili “Aqilbek Asal jao‘lan” oilaviy korxonada bo‘ldi. Korxona hokim yordamchisi tavsiyasi bilan “Xalq banki”dan 100 million so‘m kredit olib faoliyatni yo‘lga qo‘ygan shu asosda non mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Deputat korxona faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, ularning kelgusi reja va maqsadlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
Deputat mahalladagi “Turon gold prom” mas’uliyati cheklangan jamiyatda ham bo‘ldi. Mazkur korxona asosan texnik tuzlar ishlab chiqaradi. Korxonada 70 nafardan ziyod fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Texnik tuz kimyo, neft-kimyo sanoatida, qozonxonalarda ochiq va yopiq isitish tizimlarini suv bilan kimyoviy tozalash uchun, yo‘llarni purkash, parmalash suyuqliklarini tayyorlash va boshqa maqsadlarda ishlatiladi. Xalq vakili mazkur korxonada ishlab chiqarayotgan tuzlarning sifati, kelgusi reja va maqsadlari bilan ham qiziqdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.