O‘zbekiston kubogi g‘oliblari aniqlandi

272

Nukusda kurash bo‘yicha 2008-2009 yillarda tug‘ilgan U-17 yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

To‘rt kun davom etgan musobaqada Toshkent shahri, viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan polvonlar yakkalik va jamoaviy bahslarda ishtirok etdi.

Musobaqaning birinchi kuni 42, 46, 50 va 55 kg vazndagi o‘g‘il bolalar, 36, 40 va 44 kg vazndagi qizlar o‘rtasidagi bellashuvlar g‘oliblari taqdirlandi. Jumladan, Farg‘ona viloyatidan Rustam Aliyev, Samarqand viloyatidan Muhammadamin Qo‘chqorov, Toshkent viloyatidan Sanjar Qambaraliyev, Samarqand viloyatidan Haydar O‘roqboyev, qizlar o‘rtasida Sirdaryo viloyatidan Muxlisa Mamatkarimova, Jizzax viloyatidan Sevinch Sa’dullayeva, Surxondaryo viloyatidan Hulkar Xushvaqtova birinchi o‘rinlarni egalladi.

Bellashuvlarda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Farg‘ona viloyatidan Islom Karimov, Toshkent viloyatidan Otabek Yo‘ldoshboyev, Toshkent shahridan Oybek Ahmedov, Buxoro  viloyatidan Amirshoh Hojiyev, Qashqadaryo viloyatidan Sardor Safarov, Xorazm viloyatidan Mahmud Azimboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Yersultan Tolibayev, qizlar o‘rtasida Jizzax viloyatidan Gulmira Xolmirzayeva, Samarqand viloyatidan Nigina Umurzoqova, Surxondaryo viloyatidan Munisa Xudoynazarova, Buxoro viloyatidan Shahzoda Isoqboyeva, Navoiy viloyatidan Shahrizoda Egamberdiyeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Nafisa Asomiddinova o‘z vazn toifalarida g‘olib bo‘ldi.

Jamoaviy bahslarda 14 ta jamoa orasida birinchi o‘rinni Surxondaryo viloyati, ikkinchi o‘rinni Sirdaryo viloyati, uchinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Buxoro viloyati polvonlari qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrinli o‘rin egalariga tashkilotchilar tomonidan diplom, kubok, medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.