Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabidagi “Yosh bojxonachilar” to‘garagi a’zolari uchun navbatdagi dars mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarda vatanparvarlik hissini shakllantirish, ularni harbiy vatanparvarlikka, shu jumladan, bojxona sohasiga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otish maqsadida tashkil etilgan to‘garakda dars mashg‘ulotlari tizimli davom etmoqda. Unda jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish me’yorlari, bojxona tartibotlariga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida tushunchalar berildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tovar-moddiy boyliklarni bojxona chegaralari orqali olib o‘tish me’yorlariga joriy yil 1-may sanasidan boshlab kiritilayotgan o‘zgarishlar ham batafsil tushuntirildi.

O‘sib kelayotgan yosh avlodning huquqiy savodxonligini oshirish aholining, butun millatning huquqiy madaniyati yuksalishiga zamin yaratadi. Zero, aynan ular yangi tusdagi ma’lumotlarni tez qabul qilib, oila a’zolariga, yaqinlariga ulashadi. Bu yo‘lda ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish kifoya.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri