Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda filialda Qishloq xo‘jaligi ekinlari va zararli organizmlarning dala tahlillari, entomologiya va biousul hamda fitopatologiya va gerbologiya laboratoriyalarida 10 nafardan ortiq ilmiy xodim faoliyat olib bormoqda.

Tadbir ishtirokchilari Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining bog‘ida bo‘lib, bahorgi qazish va kuzatuv ishlari bilan tanishdi. Ishtirokchilar zararkunandalar tarqalishini monitoring qilish maqsadida amalga oshiriladigan feromonitoring jarayonida ishtirok etib, yangi feromon tutqichlar qo‘yish tadbirlarini ko‘zdan kechirdi.

Filialning katta ilmiy xodimi Ulug‘bek Jumamuratovning ta’kidlashicha, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish va dehqonchilik madaniyatini oshirish uchun agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, o‘simliklarni turli zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda ilmiy jihatdan o‘rganilgan tajribalarga tayangan holda ish yuritish muhim ahamiyat kasb etadi.

Institut o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini va izlanishlarni olib borish, sohani rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategik yo‘nalishlarni belgilash, respublika hududida iqtisodiy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlarning fitosanitar xavfi tahlilini o‘tkazish, tashqi karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlarning kirib kelishini oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitar chora-tadbirlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar o‘choqlarini aniqlash, bartaraf etish va ulardan holi bo‘lgan hududlarni belgilash, ularning tarqalishini oldini olish hamda ularga qarshi uyg‘unlashgan kurash tizimini ishlab chiqish, zararli organizmlarning qishloq xo‘jaligi ekinlari va mahsulotlariga ta’sirini ilmiy jihatdan o‘rganish, ularni zararsizlantirishning innovatsion usullarini ishlab chiqish kabi ishlarni amalga oshiradi.

Ma’lumot uchun, mamlakatimiz hududida uchramaydigan karantin ahamiyatiga ega 95 ta zararkunanda, 17 ta zamburug‘li kasallik, 13  ta nematoda, 17  ta bakterial kasallik, 32  ta virusli kasallik, 36  ta begona o‘t, shuningdek, mamlakatimizning ayrim hududlarida tarqalgan karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizmlardan 8 ta zararkunanda, 1 ta virusli kasallik va 3 ta begona o‘t mavjud.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari laboratoriyalar faoliyati, kasalliklarning oldini olish ishlari bilan tanishib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.