Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va xalq deputatlari Nukus shahar Kengashidagi partiya guruhi tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot, ularni qo‘llab-quvvatlash, siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida “Yoshlarga ko‘mak” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar, deputatlar, partiyaning “Yoshlar qanoti” a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisining o‘rinbosari Mahmud Yesengeldiyev bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, partiya tashkilotlari hamda deputatlar tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar, partiyaning yoshlar bilan ishlash yo‘nalishidagi ishlariga to‘xtaldi. Shu bilan birga, mamlakatimizda yoshlarning o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar haqida tushunchalar berdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bo‘yicha qoraqalpog‘istonlik yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik natijasida 2024-2025 o‘quv yilida ham Orolbo‘yining shahar va tumanlari uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar sonidan va ularning ichki ehtiyojidan kelib chiqib, 10 ming qo‘shimcha kvota ajratilganligi, shundan 968 nafar talaba aynan Qoraqalpoq davlat universitetiga qabul qilinganligi qayd etildi. Tadbir ishtirokchilari yoshlarga shunday imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Uchrashuv davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.