Gullar nafisligi va chinni nozikligi uyg‘unlashgan Loyang Pion Fayans muzeyi
Loyang — qadim sivilizatsiyalar vatani, Tang davrining durdonasi va madaniyatlar chorrahasidagi go‘zal Xitoy shahri. Bu yerda tarix shunchalik teran, san’at esa hayotning o‘ziga singib ketganki, har bir burchakda qadimiylik bilan zamonaviylik qo‘l ushlashib yuradi. Ana shunday maskanlardan biri bu — Loyang Pion Fayans muzeyidir.
Mazkur muzey 2012 yilda rasman ochilgan bo‘lib, Xitoyda pion mavzusiga bag‘ishlangan ilk ixtisoslashgan san’at muzeyi hisoblanadi. U Loyang shahrining Luo Long tumanidagi Anle qishlog‘ida, Zhengcun Pion Saroyi hududida joylashgan. Bu joy bejiz tanlanmagan — aynan shu hudud pion madaniyatining markazi, an’anaviy chinni ishlab chiqarish tajribasining yuksak nuqtasi hisoblanadi.
Muzeyning tashkil etilishiga asos bo‘lgan omil — «Pion chinnisi» san’atining milliy darajadagi nomoddiy madaniy meros sifatida e’tirof etilishi bo‘ldi. Ushbu san’at turi qadimiy Tang sulolasi oq chinnilari va ming yillik pion gulining go‘zalligini o‘zida uyg‘unlashtirgan noyob yo‘nalish hisoblanadi.
Muzeyning asosiy konsepsiyasi — «Pion ruhi – chinnigulda bahor davom etadi». Bu tushuncha nafislik, barqarorlik va badiiylikning uyg‘unlashuvini ifodalaydi.
Muzeyda uchta asosiy ekspozitsiya bo‘limi mavjud:
Tarixiy ildizlar bo‘limi – Tang davridagi Gongxian kulollarining oq chinni san’atidan boshlab pion tasviri tushirilgan ilk asarlargacha bo‘lgan jarayonlar aks ettirilgan.
Hunarmandchilik sirlar bo‘limi – bu yerda kulolchilik texnologiyasi, glazurani tayyorlash, pion tasvirini chinniga o‘tkazish bosqichlari jonli namoyish etiladi.
Zamonaviy asarlar galereyasi – zamonaviy ustalar tomonidan yaratilgan pion chinnilari: ko‘zalar, laganlar, haykallar va dekorativ panellar. Bular orasida eng mashhurlari — «Yorqin bahor», «Ming gulli vazo», «To‘xtamas bahor» deb nomlangan eksponatlardir.
Bugungi kunda muzey fondida 100 dan ortiq nodir pion chinni asarlari mavjud. Ular orasida tarixiy rekonstruksiyalar, zamonaviy uslubdagi ijodiy ishlanmalar, va xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan namunalar ham bor.
Pion chinnisi — bu oddiy idish emas, bu uyg‘unlik va nafislik falsafasi. Pion gulining tabiatdagi qat-qat barglari glazurani cho‘ktirish uslubida aks ettiriladi. Chinni sirtidagi porloq tuslar — pushti, sutday oq, nafis moviy ranglar — bahorning rang-barang ruhini mujassamlashtiradi.
Bu san’at turi pion guli hech qachon so‘lmasin degan falsafaga asoslangan. Ya’ni, chinnigul ustida «mangulikka gullagan pion»ni yaratish — bu Xitoy san’atining ruhidir.
Muzeyga tashrif buyuruvchilar nafaqat tomosha qilishlari, balki interaktiv tajriba orqali chuqurroq tushunishlari ham mumkin. Shuningdek, QR-kodlar orqali eksponat haqidagi tafsilotlarni olish, 3D-animatsiyalar orqali asar tarixini ko‘rish imkoniyati ham yaratilgan.
Loyangdagi bu muzey yiliga 300 ming nafardan ortiq sayyohni qabul qiladi. Ayniqsa, har yili aprel oyida pion festivali davrida tashrif buyuruvchilar soni keskin oshadi. Pion chinnisi asarlari AQSH, Yaponiya, Fransiya, Janubiy Koreya hatto O‘zbekiston ko‘rgazmalarida ham namoyish etilgan.
Nozimbek Mardonov, XXR, Loyang shahridan tayyorladi.