Hamshiralar bellashuvi

Nukusda “Hamshira – 2025” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar va tuman tibbiyot birlashmalaridan 12 nafar hamshira o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tadbir chilishida ta’kidlanganidek, tanlovni o‘tkazishdan maqsad, davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, xalq orasida hurmatga sazovor bo‘lgan va o‘z kasbiga fidoyi hamshiralarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot xodimlarining bilimini oshirishdan iborat.

Tanlovda eng yuqori ball to‘plagan Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi Maftuna Marksova birinchi, Chimboy tumani tibbiyot birlashmasi hamshirasi Mehribon O‘teboyeva ikkinchi, Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamshirasi Yulduz Joldasbayeva uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining birgalikdagi tegishli darajadagi diplomlari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, barcha ishtirokchilariga O‘zbekiston Hamshiralar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tanlov g‘olibasi Maftuna Marksova “Hamshira – 2025” tanlovi O‘zbekiston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.