Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi boshlandi
Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, yoshlarni sportga keng jalb etishga, Olimpiya va milliy sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi dzyudo federatsiyasi tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2022 yilda mamlakatimizda kattalar o‘rtasida jahon chempionati, o‘tgan yili harbiy xizmatchilar o‘rtasida jahon birinchiligi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Parij shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixida ilk bor dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqada Toshkent shahri, viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 400 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Unda o‘smirlar 7 ta, qizlar 7 ta vaznda g‘oliblik uchun bahs olib boradi. G‘olib va sovrindorlar 20 aprel kuni aniqlanadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri