Ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlik
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida Xitoy Fanlar akademiyasi Sinszyan ekologiya va geografiya instituti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi Orolbo‘yi hududini ekologik tiklash sohasida ilmiy-tadqiqot hamkorligini mustahkamlash va ilg‘or tajribalar almashishdan iboratdir.
Tashrif doirasida xitoylik mutaxassislar tomonidan sho‘rlangan va quruq sharoitlarga moslashgan, Sinszyanda yetishtirilgan kamyob galofit o‘simlik urug‘lari topshirildi. Bu o‘simliklar tabiiy qiyin sharoitlarga yuqori darajada chidamli bo‘lib, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashda katta salohiyatga ega. Urug‘lar markazning Mo‘ynoq va Nukus tumanlaridagi tajriba uchastkalarida ekiladi.
Uchrashuvda tomonlar kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilib, bu kabi tashabbuslar mintaqaning barqaror ekologik kelajagini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamda Sinszyan ekologiya va geografiya instituti o‘rtasidagi hamkorlik 2019 yili imzolangan anglashuv memorandumi asosida boshlangan. Hozirgi kunga qadar hamkorlik doirasida Orol dengizi ekologik inqirozi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.