Energiya resurslari bo‘yicha aniqlangan qonunbuzarliklar uchun iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanildi

230

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ularning hisobini to‘g‘ri yuritish va sifat talablariga rioya etilishini ta’minlash mamlakatimizdagi energiya siyosatida ustuvor vazifalardan sanaladi. Shu sababli, bu borada tizimli nazorat ishlari olib borilayotir.

Yaqinda “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Surxondaryo, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida qator qonunbuzarliklar fosh etildi va ular yuzasidan tegishli iqtisodiy choralar ko‘rildi.

Jumladan, Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida joylashgan “E.E.” MCHJga qarashli avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida neft mahsulotlarini tarqatish talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida shoxobchaga o‘rnatilgan gaz to‘ldirish ustunlarining navbatdagi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish muddati o‘tib ketgani aniqlandi. “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 43-moddasiga muvofiq, ushbu AYOQSHda realizatsiya qilingan 7 513 litr suyultirilgan gazning 50 foizi miqdorida(20,6 million so‘m) iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Suv ta’minoti” tuman bo‘limiga qarashli suv yig‘ish inshootida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida elektr hisoblagich shartnomada ko‘rsatilmagan holda ulanib, elektr energiyasi noqonuniy ravishda ishlatilgani fosh etildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qoidabuzarlik tufayli davlatga 1 milliard 280 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Andijon viloyati Andijon tumanida joylashgan “D.KK.” MCHJga qarashli AYOQSHda esa AI-92 va AI-95 rusumdagi avtobenzinlardan namunalar olinib, laboratoriyada tahlil qilindi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, benzin sifati davlat standartlari talablariga javob bermasligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan ham yuqoridagi ta’kidlangan qonun asosida 20,9 million so‘m miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.

Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, sifati belgilangan talablarga javob bermaydigan yoqilg‘i, gaz kondensati, neft mahsulotlari va suyultirilgan uglevodorod gazini realizatsiya qilish ushbu tovarlar qiymatining 50 foizi miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Muxtasar aytganda, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan o‘tkazilayotgan bunday nazorat tadbirlari energiya resurslari ta’minotida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, xavfsizlikni kuchaytirish va soha samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zA