WBC Gran-prisida g‘alabaga erishgan bokschilarimiz qancha mablag‘ oldi?

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan WBC Gran-prisining dastlabki bosqich bellashuvlarida besh nafar o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari ringga ko‘tarilib, ularning 3 nafari keyingi bosqichga yo‘l oldi. 2 nafari esa tomoshabinlar qatoridan joy egalladi.
Yarim yengil vazn toifasida Ayubxon Baxtiyorov fransiyalik Jamal Xajabni, eng yengil vazndagi bahslarda esa Mujibillo Tursunov JAR vakili Maykl Adesodunni, og‘ir vaznda Lazizbek Mullajonov panamalik Marvin Mendosani mag‘lub etgan edi.
Kuni kecha WBC Gran-prisi tashkiliy qo‘mitasi turnirning ilk bosqichida ishtirok etgan bokschilarning mukofot pullari miqdorini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan A.Baxtiyorov, M.Tursunov va L.Mullajonov 15 ming AQSH dollariga ega chiqqan bo‘lsa, turnirda raqiblariga imkoniyatni boy bergan bokschilarimiz Kamronbek Eshmatov va Suxrob Qayumov 7 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
Xalqaro Gran-pri turnirining keyingi bosqichiga yo‘l olgan bokschilarimiz endi iyun oyida tashkil etiladigan nimchorak final janglarida ringga ko‘tariladi.

Yana bir professional bokschimiz Havasbek Asadullayev 25 aprel kuni Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida o‘tadigan boks oqshomida qatnashadigan bo‘ldi.
O‘zbekiston professional boks federatsiyasi xabariga ko‘ra, andijonlik 25 yoshli Havasbekka ushbu boks kechasida rossiyalik Alan Xugayev raqib bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Asadullayev professional boksda 4 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alabaga erishgan. Uning raqibi Xugayev 19 jangning barchasida raqiblarini taslim etgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA