Anqarada Ahmad al-Farg‘oniy sharafiga byust o‘rnatildi

122

Turkiya poytaxti Anqara shahrida taniqli olim, mutafakkir va davlat arbobi Ahmad al-Farg‘oniy byustining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Kechioren tumanidagi istirohat bog‘laridan birida tashkil etilgan tadbirda madaniyat va ilm-fan arboblari, siyosatchilar va keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazjon Tadjixanov, Kechioren tumani hokimi Mesut O‘zarslan, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi o‘rinbosari Sayid Yusuf, Turkiya Buyuk millat majlisi, diplomatik korpus va akademik doira vakillari ishtirok etdi.

Avazjon Tadjixanov so‘nggi yillarda  O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi  munosabatlar har tomonlama  strategik sheriklik darajasiga  ko‘tarilganini ta’kidladi. Bunda madaniy-gumanitar aloqalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu, o‘z navbatida, xalqlar o‘rtasidagi  do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilyapti. A.Tadjixanovning so‘zlariga ko‘ra, Ahmad al-Farg‘oniy sharafiga byust o‘rnatilishi tarixiy merosimizga bo‘lgan yuksak hurmat va ma’naviy birdamlik ramzidir.

Kechioren tumani hokimi Mesut O‘zarslan Ahmad al-Farg‘oniyning boy  ilmiy merosi barcha turkiy xalqlar uchun faxr va iftixor ekanligini e’tirof etdi. U buyuk olim siymosi yoshlarga ibrat bo‘lib, kelajak avlodni ilm-ma’rifatga ilhomlantirishiga ishonch bildirdi.

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi o‘rinbosari Sayid Yusuf o‘z nutqida Ahmad al-Farg‘oniyning dunyo ilm-fani, ayniqsa astronomiya, geografiya va matematika kabi fanlarga qo‘shgan hissasiga  alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlarliga ko‘ra, yodgorlik turkiy olamning madaniy yakdilligini mustahkamlash ramzi bo‘lib xizmat qiladi.

Tantanali tadbir yakunida tashkil etilgan bayram konserti mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Anqarada Ahmad al-Farg‘oniy byustining ochilishi Turkiya va O‘zbekiston  o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA