“So‘g‘diyona” Nukusda “Aral”ni mag‘lub etdi

Futbol bo‘yicha 2025 yilgi O‘zbekiston kubogi bahslariga start berilib, bugun Andijonda “Andijon” va Termizning “Surxon” klublari o‘rtasidagi o‘yin bilan 1-turga yakun yasaladi.
Ushbu kubok o‘yinlarida jami 32 jamoa 8 ta guruhga bo‘lingan holda keyingi bosqichga chiqish uchun beriladigan 16 dona yo‘llanma uchun o‘zaro guruh uchrashuvlarida ishtirok etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, har bir guruhdan birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar pleyoff bahslariga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Kuni kecha “A” guruhida dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda proliga ishtirokchisi Nukusning “Aral” jamoasi o‘z maydonida superliga vakili Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini qabul qildi.
Nukusda o‘tgan ushbu o‘yinda mehmonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich “rotatsiya”ga qo‘l urib, asosiy tarkib a’zolaridan Lyupcho Doriyev, Vladesl Anderev, Luka Jordjevich, Xondamir Mustafaqulov, Javohir Qahramonov singari asosiy tarkib futbolchilarini keyingi bahslar uchun asrab qo‘ydi.
Mazkur uchrashuvda deyarli ikkinchi tarkib bilan maydonga chiqqan “So‘g‘diyona” futbolchilari mehmonda to‘p surgan bo‘lishlariga qaramay butun o‘yin davomida to‘liq ustunlikka ega bo‘ldi. Asosiy tarkibda maydonga tushish imkoni berilgan futbolchilar ushbu bahsda ishonchni oqlashdi, deb bemalol aytish mumkin.

Tajriba va mahorat borasidagi ustunlik o‘yindagi ustunlikni ham ta’minladi. Bu esa uchrashuvning 27-daqiqasida o‘z so‘zini aytdi. Chap qanotdan mezbonlar jarima maydoniga kirib borgan Dilshodbek Misiraliyev to‘pni o‘ng qanotdagi jamoadoshi Sardor Rashidovga uzatdi. Sardor bir himoyachini aldab o‘tib, “Aral” posboni Nizomiddin Ziyavutdinovga hech qanday imkoniyat qoldirmay, to‘pni kuchli zarba bilan darvozaning olis burchagiga joylab qo‘ydi – 0:1.
Mehmonlar ikkinchi bo‘limni ham ustunlikda o‘tkazishdi. Gollar esa jizzaxliklar tarkibidagi bir qator o‘zgarishlardan so‘ng amalga oshirildi. 84-daqiqada maydon egalari himoyachisidan induvidal mahorat tufayli to‘pni olib qo‘ygan “So‘g‘diyona” futbolchisi Sardorbek Erkinov “Aral” darvozasiga ikkinchi golni kiritib, o‘rtadagi farqni oshirdi – 0:2.
Uchini gol esa uchrashuv bosh hakami To‘rabek Suyunov tomonidan qo‘shib berilgan 90+5-daqiqada mezbonlar jarima maydonida amalga oshirilgan kuchli pressing oqibatida yuzaga keldi. Otabek Ahadov nukuslik himoyachidan to‘pni olib qo‘yib, jarima maydoni ichida yolg‘iz qoldirilgan Samandarjon Mavlonqulovga qulay tarzda uzatib berdi. Darvozabon bilan birga-bir vaziyatda bo‘lgan Samandarjon zarbada adashmadi – 0:3.

“So‘g‘diyona” ushbu mehmondagi yirik hisobdagi g‘alabasidan so‘ng “A” guruhda yakka peshqadam bo‘lib oldi.
Shu guruhdan joy olgan Quvasoyning “Sementchi” klubi o‘z maydonida Urganchning “Xorazm FA” (futbol akademiyasi) jamoasini qabul qildi. O‘yinda maydon egalari dastlab o‘z darvozasidan 2 gol o‘tkazib yubordi. Javob gollarini esa shu o‘yinni boshqargan hakam Umidjon Rahimjonov tomonidan qo‘shib berilgan 90+1-(penaltidan) va 90+5-daqiqada kiritib, 2:2 hisobidagi jangovar durangga ega bo‘ldi.
Ushbu “A” guruhidagi 2-tur o‘yinlari joriy yilning 29 aprel kuniga belgilangan. Shu kuni “So‘g‘diyona” Jizzaxda “Sementchi”ni qabul qilsa, “Aral” Urganchda “Xorazm FA”ning mehmoni bo‘ladi.
A.Qayumov, O‘zA