Osiyo-Okeaniya chempionatida sambochilarimizga teng keladigani topilmadi

144

Sambo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionati poytaxtimizda yuqori saviyada o‘tayotganidan xabaringiz bor, albatta. Mazkur musobaqaning o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida umumiy hisobda 16 ta vaznda medallar jamlanmasi o‘z egalarini topdi.

Quvonarlisi, ushbu bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan Vazira Nurullayeva (-47 kg), Shahzoda Isoqboyeva (-65 kg), Dilnozaxon Karimova (-72 kg), Davlatjon Kozimov (-64 kg), Muhammadyusuf Yusufjonov (-71 kg), Muhammadjon Yusupov (-79 kg), Shohjahon G‘olibov (-88 kg) va Saidahmad Ravshanov (-98 kg) barcha raqiblarini yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, o‘z vazn toifalarida Iroda Savronova, Hulkar Jo‘rayeva va Alisher Rasulov shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Shahnoza Baltanova, Gulasal Obloqulova, Kamola Vafoqulova hamda Gamzat Maksetbayev bronza medali bilan taqdirlandi.

Shu tariqa, o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda vakillarimiz jami 8 ta oltin, 3 ta kumush, 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Bugun Osiyo-Okeaniya chempionatida yoshlar o‘rtasidagi bahslar o‘tkaziladi. Unda sambo va jangovar sambo yo‘nalishida 28 ta vazn toifasida medallar uchun bellashuvlar tashkil etiladi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA